Harbiy xizmat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish borasidagi davlat xizmatining alohida turidir. Harbiy xizmatning quyidagi turlari joriy etiladi: muddatli harbiy xizmat; safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat; kontrakt boʻyicha harbiy xizmat; Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni oʻtagan rezervchilar xizmati. Tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oʻn sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha boʻlgan, salomatligiga koʻra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladilar.