Fuqarolarning safarbarlik boʻyicha va urush davrida harbiy xizmatga chaqirilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari asosida oʻtkaziladi. Safarbarlik eʼlon qilingan taqdirda bu vaqtda harbiy xizmatda va harbiy yigʻinlarda boʻlgan barcha fuqarolar alohida farmoyish berilguniga qadar xizmatni davom ettirib turadi, harbiy xizmatga majburlar esa harbiy xizmatga chaqiriladi. Harbiy xizmatchilarning taʼtillari bekor qilinadi. Harbiy xizmatga majburlar oʻzlari doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joydagi tuman (shahar) mudofaa ishlari organida, harbiy xizmatchilar esa xizmatni oʻtayotgan joyda hozir boʻlishi shart. Safarbarlik eʼlon qilinishi bilan hududiy komissiyalarning chaqirilish yoshidagi fuqarolarning chaqirilish muddatini kechiktirish va ularni chaqirilishdan ozod etish toʻgʻrisidagi qarorlari bekor qilinadi. Chaqirilish muddatini kechiktirish hamda chaqirilishdan ozod etish bundan keyin faqat salomatligi holatiga koʻra va maxsus hisobda turganligiga qarab qoʻllanilishi mumkin. Safarbarlik eʼlon qilinganida va urush davrida harbiy xizmatga oʻn sakkiz yoshdan boshlab ushbu Qonunda belgilangan rezerv va zaxirada boʻlish yoshi chegarasiga qadar yoshdagi harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar hamda harbiy roʻyxatda turmagan oʻn sakkiz yoshdan qirq besh yoshgacha boʻlgan ayollar (oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolalari bor ayollar bundan mustasno) chaqirilishlari mumkin. Safarbarlik boʻyicha va urush davrida harbiy xizmatga chaqirilish faqat mudofaa ishlari organlari tomonidan amalga oshiriladi.