Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida 8-modda. Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni oʻtagan rezervchilar xizmati

Rezervchilar xizmati haqiqiy harbiy xizmatni, shuningdek safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtagan oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar jumlasidan boʻlgan harbiy xizmatga majburlar uchun Qurolli Kuchlarning qoʻshilmalari, qismlari va boʻlinmalari safini urush davrida taqozo etiladigan shtatlar darajasiga qadar toʻldirish, shuningdek urush davri taqozo etadigan tuzilmalarni kuchaytirish maqsadida umumiy harbiy majburiyat asosida joriy etiladigan harbiy xizmat turidir. Rezervchilar sifatida xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatga majburlar tinchlik davrida, qoida tariqasida, qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligini saqlab turish, rezervchilarning harbiy hisobdagi ixtisoslik boʻyicha majburiyatlarni tinchlik va urush davrida bajarishi uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarini saqlab qolish va takomillashtirish maqsadida harbiy qismlar bazasida hududiy prinsip asosida tashkil etiladigan harbiy tayyorgarlik boʻyicha harbiy yigʻinlarni oʻtashga jalb etilishlari mumkin. Harbiy yigʻinlarni oʻtash muddatlari ushbu Qonunning 32-moddasida belgilanadi. Rezervchilardan urush davrida ham, tinchlik davrida ham Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz tahdidi va mamlakat xavfsizligiga tahdid tugʻilganida, tabiiy ofatlar hamda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan qoʻshilmalar va qismlar tarkibida jangovar maqsadlar boʻyicha foydalanilishi mumkin. Qurolli Kuchlar rezervchilarining xizmatni oʻtash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.