Uy-joy kodeksi 116-modda. Vaqtincha boʻlmagan fuqarolarning saqlash guvohnomasini (bron) olish huquqi

Ijaraga oluvchilar, ularning oila aʼzolari va ular bilan doimiy yashayotgan fuqarolar munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi oʻzlari egallab turgan turar joylarni chet elga ishga, oʻqishga ketganlarida – chet elda boʻlgan butun vaqt mobaynida, mehnat shartnomasi boʻyicha ishga joʻnab ketganlarida – mehnat shartnomasi amal qilgan butun vaqt mobaynida bronlashtirishga haqlidirlar. Vaqtincha boʻlmaganida turar joyga boʻlgan huquqi saqlanib qoladigan fuqarolar saqlash guvohnomasi (bron) berilishini talab qilishga haqlidirlar. Saqlash guvohnomasi (bron) vaqtincha boʻlmagan fuqarolarga turar joyga boʻlgan huquqining saqlanib qolganini tasdiqlovchi hujjatdir. Saqlash guvohnomasi (bron) tuman, shahar (shahar tarkibiga kiruvchi tuman) hokimligi tomonidan beriladi. Saqlash guvohnomasini (bronni) berishni rad etish ustidan sud tartibda shikoyat qilinishi mumkin. Turar joyni ijaraga berish shartnomasini oʻzgartirish yoki bekor qilish talabi kimga nisbatan bildirilgan boʻlsa, shu shaxslarga nizo sud tartibida hal etilgunga qadar saqlash guvohnomasi (bron) berilmaydi. Turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila aʼzosi yoki u bilan doimiy yashayotgan fuqaro tomonidan turar joyni bronlashtirish, ular joʻnab ketgan paytdan boshlab olti oydan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak. Agar turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila aʼzolari yoki u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar saqlash guvohnomasining (bronning) amal qilish muddati tugagandan keyin olti oy mobaynida turar joyni oʻzlariga qaytarib berilishini talab qilmasalar, turar joyni ijaraga berish shartnomasi ijaraga beruvchining daʼvosi boʻyicha sud tartibida bekor qilinishi mumkin. Turar joylarni bronlashtirish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.