Uy-joy kodeksi 124-modda. Turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka boʻlgan huquqi

Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlariga shu uyning umumiy joylarini, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalarni oʻz ichiga olgan umumiy mol-mulk ulushli mulk huquqi asosida tegishli boʻladi. Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdorining umumiy mol-mulkdagi ulushi asl holida ajratib berilishi mumkin emas. Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari umumiy mol-mulkdan hamda shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasidan foydalanishda teng huquqqa egadir. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchilari tayanch va toʻsiq konstruksiyalarni, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalarni, zinapoyalarni, liftlarni, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalarni, dahlizlarni, texnik qavatlarni, yertoʻlalarni, cherdaklar va tomlarni, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalarini, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalarni boshqa shaxsga berishi mumkin emas. Koʻp kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining ulushli mulkida turgan umumiy mol-mulkning ayrim qismlari qonunchilikka muvofiq umumiy ulushli mulkning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror asosida boshqa shaxslarga berilishi mumkin.