Fuqarolar va yuridik shaxslar koʻp kvartirali uylardagi yashash uchun moʻljallanmagan joylardan bevosita belgilangan maqsadda foydalanishlari shart. Fuqarolar va yuridik shaxslar yashash uchun moʻljallanmagan joylarni, qurilmalarni hamda inventarni tegishli tartibda saqlashlari, zarur taʼmirlash ishlarini bajarishlari, sanitariya va yongʻinga qarshi qoidalarga rioya etishlari, yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash choralarini koʻrishlari shart. Koʻp kvartirali uylardagi yashash uchun moʻljallanmagan joylarga sanoat ishlab chiqarishini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday joylarda amalga oshirilishi ruxsat etilgan faoliyat turlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Koʻp kvartirali uylardagi yashash uchun moʻljallanmagan joylarga nosanoat yoʻnalishidagi korxona, muassasa, tashkilotlarni, ofislarni qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.