Uy, kvartira mulkdori oʻzi bilan birga yashayotgan voyaga yetgan oila aʼzolarining roziligi bilan yoki yuridik shaxsning vakolatli organi qaroriga binoan uyni, kvartirani yoxud ularning bir qismini fuqarolarga va yuridik shaxslarga ijaraga yoki arendaga berishga haqlidir. Taraflarning huquq va majburiyatlari, ijara yoki arenda shartnomasi tuzilayotgan muddat, toʻlov haqi miqdori va boshqa shartlar, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, taraflarning kelishuviga binoan belgilanadi. Turar joy ijarasi yoki arendasi shartnomasi yozma shaklda tuziladi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda hisobga olinishi (roʻyxatdan oʻtkazilishi) lozim. Turar joy ijarasi yoki arendasi shartnomasiga nisbatan ushbu Kodeks qoidalari qoʻllaniladi. Turar joy ijarasi yoki arendasi shartnomasining ushbu Kodeks bilan tartibga solinmagan munosabatlari fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadi.