Mulkida uyi, kvartirasi boʻlgan fuqarolar barcha voyaga yetgan oila aʼzolarining, shu jumladan vaqtincha boʻlmagan oila aʼzolarining yozma roziligiga binoan oʻzlari egallab turgan turar joyni boshqa turar joy mulkdori yoki uy-joy qurish yoxud uy-joy kooperativining aʼzosi bilan, shu jumladan boshqa aholi punktida yashayotganlar bilan almashtirishga haqlidirlar. Bunda oilaning voyaga yetmagan aʼzolari roziligi ota-onalar tomonidan, ular boʻlmagan taqdirda esa – vasiylik va homiylik organlari tomonidan tasdiqlanadi. Mulkida uyi, kvartirasi boʻlgan yuridik shaxslar uni boshqa turar joy mulkdori yoki uy-joy qurish yoxud uy-joy kooperativi aʼzosi bilan almashtirishga haqlidirlar.