Fuqaroga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan uydan, kvartiradan turar joyni ijaraga, arendaga oluvchi oʻzi ijaraga, arendaga olgan xonaga uy, kvartira mulkdorining roziligidan qatʼi nazar, voyaga yetmagan farzandlarini, agar u alohida xonani egallayotgan boʻlsa va ijaraga yoki arendaga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shuningdek eri (xotini) va mehnatga qobiliyatsiz voyaga yetgan farzandlari hamda ota-onasini koʻchirib kiritish huquqiga ega. Fuqaroga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan uy, kvartiradagi turar joyni ijaraga, arendaga oluvchi bilan birga yashayotgan oila aʼzolari ijaraga yoki arendaga berish shartnomasidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga ijaraga, arendaga oluvchining oʻzi bilan teng ravishda ega boʻladilar. Boshqa fuqarolarni faqat uy mulkdorining roziligi bilan koʻchirib kiritish mumkin va ijaraga, arendaga oluvchi tomonidan oʻz oila aʼzosi sifatida koʻchirib kiritilgan ushbu fuqarolar, agar koʻchirib kiritishda ular oʻrtasida boshqacha kelishuv boʻlmagan boʻlsa, ijaraga, arendaga oluvchi hamda uning boshqa oila aʼzolari bilan turar joydan foydalanishda teng huquqqa ega boʻladilar. Ijaraga, arendaga oluvchi ijaraga, arendaga beruvchining (mulkdorning) roziligi bilan egallab turgan turar joyini almashtirishga haqlidir. Ijaraga beruvchi — fuqaroning rad javobi ustidan nizolashib boʻlmaydi. Ijaraga beruvchi — yuridik shaxsning rad javobi ustidan sud tartibida nizolashish mumkin. Turar joyni ijaraga yoki arendaga berish shartnomasini bekor qilish ushbu Kodeksning 69 va 93 -moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.