Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joylar fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq beriladi. Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bir kishi hisobiga oʻn olti kvadrat metrdan kam boʻlmagan umumiy maydon hajmida, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa – yigirma uch kvadrat metrdan kam boʻlmagan hajmda belgilanadi. Er-xotindan tashqari turli jinsga mansub shaxslar bir xonaga yoki bir xonali kvartiraga joylashtirilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha turar joy berilishi mumkin. Fuqarolarning ayrim toifalariga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha qoʻshimcha uy-joy maydoni bir xona tarzida yoki oʻn sakkiz kvadrat metrli umumiy maydon miqdorida beriladi. Ayrim surunkali kasalliklarning ogʻir turlari bilan kasallangan fuqarolarga, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlagan roʻyxat boʻyicha, shuningdek bajarayotgan ish sharoitlari va xususiyatiga koʻra qoʻshimcha maydon zarur boʻlgan fuqarolarga bunday maydon miqdori koʻpaytirilishi mumkin. Qoʻshimcha uy-joy maydoni olish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar toifalarining roʻyxati, qoʻshimcha maydonni berish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.