Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joy kapital taʼmirlanayotganda, taʼmirlashni ijaraga oluvchini koʻchirmasdan amalga oshirish mumkin boʻlmasa, ijaraga beruvchi taʼmirlanayotgan turar joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilmagan holda ijaraga oluvchiga, uning oila aʼzolariga va u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarga kapital taʼmirlash oʻtkazish vaqtida boshqa turar joy berishi shart. Ijaraga oluvchi bu turar joyga koʻchib kirishni rad etgan taqdirda ijaraga beruvchi uning koʻchib oʻtishini sud tartibida talab qilishi mumkin. Kapital taʼmirlash vaqtida beriladigan turar joy sanitariya, yongʻinga qarshi, texnik talablarga javob berishi hamda shu aholi punkti chegarasi doirasida joylashgan boʻlishi kerak. Ijaraga oluvchini, uning oila aʼzolarini va u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarni ular egallab turgan turar joydan boshqa turar joy maydoniga koʻchib oʻtishi va (taʼmirlash tugagach) ilgarigi joyiga qayta koʻchib oʻtishi taʼmirlanishi kerak boʻlgan turar joy tasarrufida boʻlgan ijaraga beruvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Ijaraga oluvchi kapital taʼmirlash munosabati bilan boshqa turar joyda yashagan davrda u foydalanish va kommunal xizmatlar uchun kapital taʼmirlash vaqtiga berilgan turar joy uchun haq toʻlaydi. Kapital taʼmirlash davrida vaqtinchalik turar joy berish oʻrniga ijaraga oluvchiga, uning oila aʼzolariga va u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning roziligi bilan doimiy foydalanish uchun boshqa obod turar joy berilishi mumkin. Turar joy taʼmirlab boʻlingach, ijaraga beruvchi turar joyni ijaraga oluvchiga qaytarishdan bosh tortgan holda ijaraga oluvchi sudga murojaat etishga haqlidir.