Uy-joy kodeksi 8-modda. Uy-joy fondi turlari

Uy-joy fondi xususiy va davlat uy-joy fondlaridan iboratdir. Xususiy uy-joy fondiga quyidagilar kiradi: fuqarolar mulki boʻlgan uy-joy fondi (yakka tartibda qurilgan uylar, xususiylashtirilgan, qurilgan hamda olingan kvartiralar va uylar, uy-joy qurish hamda uy-joy kooperativlariga qarashli uylardagi pay badallari toʻliq toʻlangan kvartiralar, fuqarolar tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarda mulk qilib olingan kvartiralar va uylar); xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, jamoat fondlari hamda boshqa nodavlat yuridik shaxslarning mulki boʻlgan va ularning mablagʻlari hisobidan qurilgan yoki auksionda yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarda olingan uy-joy fondi. Davlat uy-joy fondiga quyidagilar kiradi: mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ixtiyorida boʻlgan, mahalliy budjetga tushgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha boshqa tushumlar hisobidan barpo etilgan munitsipal uy-joy fondi; davlat muassasalari va tashkilotlarining operativ boshqaruvida boʻlgan idoraviy uy-joy fondi; mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ixtiyorida boʻlgan, mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan barpo etilgan, shuningdek xususiy, munitsipal, idoraviy uy-joy fondidan olib ularning balansiga berilgan, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam taʼminlangan toifalari uchun xususiylashtirish huquqisiz ijara shartlari asosida foydalanish uchun berilgan aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi.