Vaqtinchalik uy-joy fondi tegishli uy-joy fondining mulkdori yoki u vakolat bergan organning qarori boʻyicha tashkil qilinishi mumkin. Vaqtinchalik uy-joy fondi turar joylari ijaraga berish shartnomasi asosida fuqarolar egallab turgan turar joylar kapital taʼmirlanishi, rekonstruksiya, modernizatsiya qilinishi munosabati bilan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ularning vaqtincha yashab turishiga moʻljallangan boʻlib, sanitariya, yongʻinga qarshi va texnik talablarga javob berishi lozim. Vaqtinchalik uy-joy fondidan turar joylar fuqarolarga turar joyi kapital taʼmirlanishi lozim boʻlgan, lekin unda yashab turgan fuqarolarni koʻchirmasdan taʼmirlashning imkoni boʻlmagan turar joyning ijaraga beruvchisi tomonidan beriladi. Vaqtinchalik uy-joy fondi turar joylarini berish va ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.