Uy-joy qurish va uy-joy kooperativlari kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi qabul qilgan ustav asosida faoliyat koʻrsatadi va davlat xizmatlari markazlarida roʻyxatdan oʻtishi kerak. Bitta uyda ikkita uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativlarining tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Uy-joy qurish va uy-joy kooperativlari, agar ularning ustavida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, faoliyat muddati cheklanmagan holda tuziladi. Uy-joy qurish va uy-joy kooperativlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun quyidagilar taqdim etiladi: ariza; umumiy (taʼsis) yigʻilishning bayonnomasi; uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativining ustavi; qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar. Uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativining nomida faoliyatining asosiy maqsadi koʻrsatilishi, shuningdek “kooperativ” soʻzi boʻlishi kerak. Uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativini roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlar belgilangan muddatda koʻrib chiqiladi va shu muddat mobaynida quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi: uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida; taqdim etilgan hujjatlarni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish muddati toʻgʻrisida; uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativini roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida. Uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativini tuzish tartibi va shartlari buzilgan, uning ustavi qonunchilik talablariga muvofiq kelmagan holdagina tegishli kooperativni roʻyxatdan oʻtkazish rad etilishi mumkin. Uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi tuzilishi maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan uni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.