Uy-joy kodeksi 99-modda. Uy-joy qurish va uy-joy kooperativlari uylaridan turar joy olish va ulardan foydalanish huquqini amalga oshirish shartlari hamda tartibi

Uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosiga kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi qaroriga koʻra, pay badali miqdoriga muvofiq, bir yoki bir necha xonadan iborat boʻlgan alohida kvartira beriladi. Uy-joy qurish va uy-joy kooperativlari uyidagi kvartiralarga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi beradigan orderga muvofiq koʻchib kiriladi. Order berishni rad etish ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin. Uy-joy qurish va uy-joy kooperativi pay badali turar joyning qurilish yoki xarid qiymati umumiy summasiga teng boʻlgan mulkiy (pul) badali hisoblanadi. Uy-joy qurish kooperativi aʼzolariga beriladigan kvartiralarning qiymati uyni qurish uchun amalda qilingan xarajatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi. Pay badali uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosi tomonidan bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib toʻlanadi. Uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosi pay badalining qolgan qismini muddatidan oldin toʻlash huquqiga egadir.