Diniy tashkilotlar oʻz faoliyatini qonunchilikka muvofiq mustaqil ravishda amalga oshiradi. Diniy tashkilotlar oʻz mulkida binolarga, inshootlarga, ibodat predmetlariga, ishlab chiqarish obyektlariga, ijtimoiy obyektlarga va xayriya uchun moʻljallangan obyektlarga, oʻz faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlariga va boshqa mol-mulkka ega boʻlishi mumkin. Diniy tashkilotlarning mulki qonun bilan qoʻriqlanadi. Diniy tashkilotlar davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega. Diniy tashkilotlar davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining diniy tashkilotlar huquqlari va erkinliklarini buzuvchi harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini toʻlashdan ozod etiladi.