Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish yakunlariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi; diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi. Diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida: diniy tashkilot haqidagi maʼlumotlarni diniy tashkilotlar reyestriga kiritadi; diniy tashkilotni soliq organlarida va statistika organlarida hisobga qoʻyishni amalga oshiradi; elektron tizimda diniy tashkilotning shaxsiy kabinetini yaratadi; diniy tashkilotning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi elektron guvohnomani shakllantiradi; diniy tashkilotning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi elektron guvohnomani va diniy tashkilot ustavini diniy tashkilotning elektron tizimdagi shaxsiy kabinetiga yuboradi. Diniy tashkilotning qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi elektron guvohnomada diniy tashkilot haqidagi avvalgi maʼlumotlar, shu jumladan uning nomi, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning nomi, diniy tashkilot roʻyxatdan oʻtkazilgan sana, shuningdek qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan sana koʻrsatiladi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning oʻzgarishi munosabati bilan diniy tashkilot qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirda, yangitdan roʻyxatdan oʻtkazgan organ ilgarigi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organni tegishli roʻyxatdan oʻtkazishga oid maʼlumotlarni koʻrsatgan holda elektron tizim orqali bu haqda xabardor qiladi. Diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, qaror qabul qilingan kundan keyin bir ish kuni ichida elektron murojaatni yuboruvchining elektron tizimdagi shaxsiy kabinetiga rad etish asoslari koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi. Diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish rad etilganligi, basharti rad etish asoslari bartaraf etilsa, hujjatlarni takroran taqdim etish uchun monelik qilmaydi.