Vijdon erkinligi — bu fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik boʻyicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir. Fuqaro dinga, dinga eʼtiqod qilishga yoki eʼtiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy taʼlim olishga nisbatan oʻz munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Voyaga yetmaganlarni ularning xohish-irodasiga, ota-onasining yoki qonuniy vakillarining xohish-irodasiga zid tarzda diniy tashkilotlarga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻz diniga eʼtiqod qilish yoki ishonish erkinligiga nisbatan faqat qonunda nazarda tutilgan cheklovlar tatbiq etiladi. Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zoʻrlik bilan oʻzgartirish, uning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitish, urushni, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targʻib qilish, fuqarolarning sogʻligʻi va axloqiga tajovuz qilish, fuqarolar totuvligini buzish, vaziyatni beqarorlashtiruvchi tuhmatdan iborat uydirmalarni tarqatish, aholi oʻrtasida sarosima uygʻotish hamda shaxs, jamiyat va davlatga qarshi qaratilgan boshqa harakatlar sodir etish maqsadida dindan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.