Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, dinga munosabatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdir. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda vijdon erkinligi va dinga eʼtiqod qilish erkinligi huquqidan foydalanadi hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Rasmiy hujjatlarda fuqarolarning dinga nisbatan munosabatini koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydi. Fuqarolarning huquqlarini ularning dinga munosabatiga qarab har qanday tarzda cheklash va toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita ustunliklar belgilash, ularning diniy yoki ateistik eʼtiqodi bilan bogʻliq holda fuqarolarda adovat va nafrat uygʻotish yoxud ularning his-tuygʻularini haqoratlash, xuddi shuningdek muqaddas diniy eʼtiqod obyektlarini tahqirlash qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi. Qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan hech kim oʻz diniy eʼtiqodlarini sabab qilib boʻyin tovlashi mumkin emas. Diniy eʼtiqodlarini sabab qilib, bir majburiyatni bajarishni boshqasiga almashtirishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi. Bir dinga yoki diniy eʼtiqodga boshqalariga nisbatan biror-bir ustunliklar yoki cheklovlar belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.