Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida 8-modda. Taʼlim tizimi va din

Oʻzbekiston Respublikasida taʼlim tizimi dindan ajratilgandir. Taʼlim tizimining oʻquv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy taʼlim muassasalari mustasno) yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining dunyoviy taʼlim olish huquqi, ularning dinga boʻlgan munosabatidan qatʼi nazar, taʼminlanadi. Har kim diniy taʼlim muassasalarida professional diniy taʼlim olish huquqiga ega. Diniy taʼlim muassasalarida oʻqishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim yoki professional taʼlim olganidan keyin qabul qilinadi. Diniy professional taʼlim olgan shaxslar diniy taʼlim muassasalarida diniy fanlarni oʻqitish faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga egadir.