Yer munosabatlarini tartibga solish sohasida quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlariga kiradi: yerlardan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish; ushbu Kodeksga, boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq yer munosabatlarini tartibga solish toʻgʻrisida normativ hujjatlar qabul qilish; tuproq unumdorligini oshirish, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan davlat dasturlarini tasdiqlash; qishloq xoʻjaligining tabiiy moslashuvi jihatidan yerlarni rayonlashtirish, yer tuzishni, yer monitoringi oʻtkazilishini va davlat yer kadastri yuritilishini tashkil etish; davlat mulkidagi yerlarni tasarruf etish; yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda vazirliklar hamda idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish; yerga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqlarini belgilangan tartibda ushbu Kodeksning 36-moddasiga muvofiq bekor qilish; yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini tashkil etish; yer munosabatlarini tartibga solish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlariga kiradigan boshqa masalalarni hal qilish.