Fermer xoʻjaligi oʻziga ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda tovar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi bilan shugʻullanuvchi, yuridik shaxs huquqlariga ega mustaqil xoʻjalik yurituvchi subyektdir. Boʻsh turgan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari fermer xoʻjaligini yuritish uchun elektron onlayn-auksion orqali beriladi. Ilmiy-tadqiqot muassasalariga, maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlariga oʻquv, tajriba, nav sinash maqsadlari uchun berilgan yerlar hamda suv fondi yerlari fermer xoʻjaliklariga berilmaydi. Fermer xoʻjaligi ishlab chiqarish maqsadlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda yer uchastkalarini qoʻshimcha ijaraga olishi mumkin. Fermer xoʻjaligi yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalari berish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi. Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas. Kreditlar olish uchun fermer xoʻjaligi oʻz mol-mulkini, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini garovga qoʻyishga haqli. Fermer xoʻjaligi yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqlarini ijaraga beruvchining roziligisiz faqat qonunda yoki ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollarda garovga qoʻyishga haqli.