Suv havzalari (daryolar, koʻllar, suv omborlari va shu kabilar), gidrotexnika va boshqa suv xoʻjaligi inshootlari egallab turgan, shuningdek suv havzalarining va boshqa suv obyektlarining qirgʻoqlari boʻylab ajratilgan mintaqadagi suv xoʻjaligi ehtiyojlari uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga belgilangan tartibda berilgan yerlar suv fondi yerlari jumlasiga kiradi. Daryolar, magistral kanallar va kollektorlar, suv omborlari va boshqa suv havzalarining, shuningdek ichimlik va roʻzgʻor suv taʼminoti, aholining davolash hamda madaniy-sogʻlomlashtirish ehtiyojlariga xizmat qiladigan manbalar qirgʻogʻi boʻylab qonunchilikda belgilanadigan tartibda suvni muhofaza qilish zonalari va qirgʻoq boʻyi mintaqalari ajratiladi. Daryolar, magistral kanallar, kollektorlar, suv omborlari va boshqa suv havzalarining qirgʻoq boʻyi mintaqalari tabiatni muhofaza qilish ehtiyojlari uchun yer egalaridan va yerdan foydalanuvchilardan olib qoʻyilishi mumkin. Suv fondi yerlarida suv obyektlariga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xoʻjalik faoliyati yuritish va qurilish ishlari olib borish taqiqlanadi. Suv fondi yerlaridan foydalanish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.