Yer kodeksi 8-modda. Yer fondi toifalari

Oʻzbekiston Respublikasida yer fondi yerlardan foydalanishning belgilangan asosiy maqsadiga koʻra quyidagi toifalarga boʻlinadi: 1) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar — qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yoki ana shu maqsadga moʻljallangan yerlar. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar ushbu Kodeksning 43-moddasiga muvofiq turlarga boʻlinadi; 2) aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari — shaharlar va posyolkalar, shuningdek qishloq aholi punktlari chegarasi doirasidagi yerlar; 3) sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar — koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanish uchun yuridik shaxslarga berilgan yerlar; 4) tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar — muhofaza etiladigan tabiiy hududlar egallagan, ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, rekreatsiya va sanitariya-sogʻlomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar; 5) tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar — moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan yerlar; 6) oʻrmon fondi yerlari — oʻrmon bilan qoplangan, shuningdek oʻrmon bilan qoplanmagan boʻlsa ham, oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar; 7) suv fondi yerlari — suv obyektlari, suv xoʻjaligi inshootlari egallagan yerlar va suv obyektlarining qirgʻoqlari boʻylab ajratilgan mintaqadagi yerlar; 8) zaxira yerlar.