Yer kodeksi 80-modda. Obyektlar, imoratlar va inshootlarni joylashtirish, loyihalash, qurish va ulardan foydalanishga oid ekologik talablar

Obyektlar, imoratlar va inshootlarni joylashtirish, loyihalash, qurish va ulardan foydalanishga oid ekologik talablar tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi. Yangi hamda rekonstruksiya qilinadigan obyektlarni, imoratlar va inshootlarni joylashtirish, loyihalash, qurish va ishga tushirish, shuningdek yerlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan yangi texnologiyalarni joriy etish chogʻida yerlarni muhofaza qilish tadbirlari nazarda tutiladi va amalga oshiriladi. Yerlarning holatiga ishga tushirilayotgan obyekt yoki joriy etilayotgan texnologiyaning salbiy taʼsirini hamda yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan nazarda tutilgan tadbirlarning samaradorligini baholash ekologiya ekspertizasi asosida oʻtkaziladi. Yerlarni hosildan qolishdan yoki buzilishdan himoya qilish choralari bilan taʼminlanmagan hamda ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasi boʻlmagan obyektlarni foydalanishga topshirish va bunday texnologiyalarni qoʻllash taqiqlanadi. Yerlarning holatiga taʼsir koʻrsatadigan obyektlarni joylashtirish qonunchilikda belgilanadigan tartibda tabiatni muhofaza qilish, qishloq xoʻjaligi, qurilish organlari va boshqa organlar bilan kelishib olinadi.