Yoʻlovchilar transport vositasiga faqat u toʻliq toʻxtagandan soʻng trotuar yoki yoʻl yoqasi tomondan chiqishga va tushishga majburdirlar. Yoʻlovchilarning transport vositalaridan trotuar yoki yoʻl yoqasi tomondan tushishi yoki ularga chiqishining iloji boʻlmagan hollarda, agar bu harakat xavf tugʻdirmasa yoki boshqa yoʻl harakati ishtirokchilariga xalaqit bermasa, yoʻlning qatnov qismi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Mazkur Qoidalarning 9-bandiga muvofiq xavfsizlik kamarlari bilan jihozlangan transport vositalarida harakatlanishdan oldin ularni taqib olish, mototsikl, elektromototsikl, moped yoki skuterlarda, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarida harakatlanishidan oldin esa motoshlemni qadab olishi shart.