Yoʻl harakati sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yoʻl harakati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlar, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari jamoat xavfsizligi xizmatining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalari, shuningdek tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlari (ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari) jamoat xavfsizligi xizmatining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari (bundan buyon matnda Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi yoʻl harakati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organlari deb yuritiladi) jumlasiga kiradi.