Litsenziya berishdan oldin Markaziy bank arizachilarga bank tashkil etish sohasidagi faoliyatlarini davom ettirish imkonini beradigan dastlabki ruxsatnomani beradi. Dastlabki ruxsatnomani berish toʻgʻrisidagi qaror ariza va u bilan birga barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab koʻpi bilan uch oy ichida qabul qilinadi va muassislarning moliyaviy imkoniyatlarini hamda obroʻsini, bank rahbarligiga taklif etilayotganlarning kasb malakalarini, biznes-rejani, moliyaviy rejani, kapitalning tuzilishini, tegishli bank binolari va uskunalar bilan taʼminlash imkoniyatlarini baholashga asoslanadi.